O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan VII syezdida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, partiya yetakchisi Alisher Qodirov nomzodi ilgari surildi.
U o‘zining saylovoldi dasturida “milliy va universal qadriyatlar” asosida tarbiya va taʼlim milliy tizimini shakllantirishga asosiy eʼtibor qaratilishini qayd etdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘zining 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari III syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun partiya Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov nomzodini tasdiqladi.
Uning “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” shiori ostidagi saylovoldi dasturidan “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, Orolbo‘yidagi vaziyatni yaxshilash, sud organlariga ishonchni oshirish va boshqa masalalar joy olgan.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan syezdida partiyadan mamlakatning oliy siyosiy lavozimiga partiya rahbarining o‘rinbosari Maqsuda Vorisova nomzodi tasdiqlandi.
Xalq demokratik partiyasining asosiy maqsadi – ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi tamoyillariga javob beradigan davlat va jamiyat qurishdir.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘zining 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyida mamlakat Prezidenti lavozimiga partiya rahbari Baxrom Abduhalimov nomzodini tasdiqladi.
Uning saylovoldi dasturida korrupsiya va boshqa salbiy ko‘rinishlarga qarshi kurashish, Tergov qo‘mitasi tuzish, oliy o‘quv yurtlariga kvotalarni to‘lasincha bekor qilish, yuqori reytingli talabalarga bepul taʼlimni taqdim etish singari va boshqa bandlar mavjud.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan X syezdida partiyadan Prezidentlikka nomzod, amaldagi davlat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” saylovoldi dasturini taqdim etdi.
Hujjat mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, fuqarolar va millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, O‘zbekistonda yashaydigan har bir kishining huquq va erkinligi, qonuniy manfaatini himoya qilish, millati, tili va dinidan qatʼiy nazar ularni kafolatlangan daromad manbai, tibbiy xizmatlar va turar joy bilan taʼminlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si va imijini oshirish singari yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.