BMT va EXHT

BMT va EXHT

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BMTNING NARKOTIK VA JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASH TASHKILOTI (UNODC) BILAN O‘ZARO HAMKORLIK MUNOSABATLARI

Xalqaro konvensiya va BMT rezolyutsiyalariga binoan, BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti asosiy maqsadlari a’zo davlatlarda narkotik moddalarni nazorat qilish, transmilliy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi konvensiyalarning bajarilishiga ko‘maklashish, shuningdek jinoiy sud jarayonlarini isloh qilish, terrorizm va odam savdosi kabi illatlarni oldini olishdan iborat.

BMT Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining mintaqaviy vakolatxonasi Markaziy Osiyo davlatlariga noqonuniy giyohvand moddalar savdosi va iste’molini kamaytirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, shuningdek terrorizmga aloqador jinoyatlarga jazo berish va terrorizm haqida ogohlikka chaqirish sohasida ko‘maklashib kelmoqda.

Ushbu tashkilotning mintaqaviy vakolatxonasi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, uning mintaqaviy ofislari Bishkek (Qirg‘iziston), Dushanbe (Tojikiston), Ashxobod (Turkmaniston), Ostona va Olma-Ota (Qozog‘iston), shuningdek Boku (Ozarbayjon) shaharlarida ham mavjuddir.

O‘zbekiston o‘zining 30 millionlik aholisi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynab kelmoqda. BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining mintaqaviy vakolatxonasi noqonuniy giyohvand moddalar aylanmasi, jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish yo‘li bilan aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha masalalarni hal etishda O‘zbekistonda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Hozirgi kunda ushbu tashkilot bilan hamkorlikda quyidagi qo‘shma loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda:

1. “Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (CARICC)ni tashkil etish” mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 15,4 mln. AQSh doll.). Loyiha doirasida CARICC ni tashkil etish bo‘yicha shartnomaning ishtirokchi-davlatlari milliy koordinatorlari Kengashining bir qancha yig‘ilishlari o‘tkazilib, unda yaqin kelajakdagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinmoqda va dolzarb masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

2. “Treatment II – narkotik moddalarga qaramlikni oldini olish va uning sog‘liq uchun salbiy oqibatlari” mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 1 mln. 490 ming AQSh doll.). Loyiha doirasida Respublikaning vazirlik va idoralari mutaxassislari psixotrop moddalarni iste’mol qilish natijasida jabrlangan insonlarni himoya qilishning samarali strategiyalarini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ibot qilish sohasida xalqaro standartlarga va konvensiyalarga mos keladigan maxsus o‘quv kurslarida o‘z malakalarini oshirib kelmoqdalar.

3. “Oilaviy hayot ko‘nikmalarini shakllantirish dasturi vositasida yoshlar o‘rtasida psixoaktiv moddalarning noqonuniy iste’mol qilinishi, OIV/OITS va jinoyatchilikni oldini olish” mintaqaviy loyihasi. O‘zbekiston ushbu loyihada 2017-yilga qadar ishtirok etadi. Hozirgi kunda ushbu loyiha doirasida Toshkent shahri va respublikaning uch viloyatida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun “Oila va maktab birgalikda” dasturi amalga oshirilmoqda.

4. “Chegara punktlarini mustahkamlash orqali Afg‘onistonning shimoliy marshrutlari orqali o‘tuvchi noqonuniy opiatlarning aylanishiga qarshi kurashish” mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 1,3 mln. AQSh doll.).

O‘zbekiston Respublikasiga kiruvchi va tranzit orqali MDH mamlakatlariga o‘tuvchi shaxslar va transport vositalarining asosiy oqimi o‘zbek-tojik chegarasidagi «Oybek-avtoyo‘l» o‘tkazuv punkti orqali amalga oshirilishi hisobga olingan holda, asosiy texnik hamkorlik oqimi ushbu nazorat-o‘tkazuv punktiga yo‘naltirilgan.

5. “BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) va Butunjahon bojxona tashkilotining konteyner tashilmalarini nazorat qilish bo‘yish global dasturi”. Konteyner tashilmalarini nazorat qilish bo‘yicha global dastur (GPCT) 2004-yilda BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) va Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini birlashtirish orqali bu kabi jinoyatchilik faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan.

GPCTning o‘n yillik amalda bo‘lish davrida katta yutuqlarga erishildi. O‘zining amaliyotga tadbiq etilishidan so‘ng GPCT port nazorati bo‘yicha 30 dan ortiq tezkor bo‘linmalarni tashkil qildi, bu esa, o‘z navbatida, narkotik va boshqa taqiqlangan mahsulotlarning, xususan, 100 tonna kokain, 3 mln tonna geroin, 60 tonna kannabis va taqiqlangan narkotik moddalar ishlab chiqishda qo‘llaniluvchi 1273 tonna miqdoridagi kimyoviy modda-prekursorlar, shuningdek, sigaretalar, avtomobillar, dori vositalari, elektron chiqindilar, xavfli materiallar va yovvoyi hayvonlar kabi taqiqlangan tovarlar va narkotik moddalarni aniqlash va musodara qilishning sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi.

6. “Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjondagi prekursorlar ustidan nazorat qilish” mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 6 mln. AQSh doll.). Ushbu loyiha doirasida treninglar, seminarlar, turli uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda mamlakatimizning turli tashkilotlaridan 200 dan ortiq vakil ishtirok etdi.

Vazirlik va idoralar kompyuter va laborator uskunalar, transport va texnik vositalar, materiallar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlandi.

Shuningdek, loyiha huquq-tartibot organlarining Afg‘onistonga kimyoviy prekursorlar noqonuniy olib o‘tilishini oldini olish bo‘yicha mintaqaviy va milliy operatsiyalarini moliyalashtiradi.

7. “Markaziy Osiyo va Afg‘oniston Islom Respublikasi davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari shaxsiy tarkibini narkotik moddalarga qarshi kurash sohasida malakasini oshirish”, Rossiya-NATO Kengashi mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 2.140.000 AQSh doll.). Loyiha doirasida narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha bo‘linmalar xodimlarini tayyorlashda Domodedovo xalqaro idoralararo markazida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida, Bishkekda, Ashxobodda, Anqaradagi TADOK Akademiyasida huquq-tartibot organlarining hamda mas’ul davlat idoralarida treninglar o‘tkazilmoqda.

2016-yil 20-oktabr kuni Toshkent shahrida BMT Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Mintaqaviy vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasidagi Yaponiya Elchixonasi o‘rtasida ХАС/Z60 “Idoralararo mobil guruhlar tashkil etish orqali O‘zbekistonda afg‘on narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash” loyihasi ijrosi uchun Yaponiya hykumati tomonidan 2.5 million AQSh dollari miqdorida beg‘araz yordam (grant) ajratilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu mablag‘ narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq masalalar yechimiga, texnik vositalar ajratish va treninglar tashkil etish orqali respublika mutasaddi tashkilotlari salohiyatining oshirishga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, 2016-yil Toshkent shahrida BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari uchun UNODCning 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan Dasturi Boshqaruv qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi, “Jinoiy ishlarni tergov qilishda va sudda ko‘rib chiqishda elektron dalillarni olish va ulardan foydalanish” mavzusida prekursorlar bo‘yicha Mintaqaviy ishchi guruhining (RWGP) navbatdagi Mintaqalararo o‘quv seminari va boshqa tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

________________________________________________________________________________________

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING YEVROPA ITTIFOQI BILAN HAMKORLIGI

O‘zbekiston mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab Yevropa bilan hamkorlikni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab oldi. O‘zbekiston bilan Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama va 1999-yilning 1-iyulidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi hamda unga a`zo davlatlar bilan Sherikchilik va hamkorlik kelishuvi doirasida rivojlanib bormoqda.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama muloqoti faol xarakterga ega. U 5 asosiy qo‘shma organ doirasida amalga oshirilmoqda: Hamkorlik kengashi (12 ta yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan), Hamkorlik qo‘mitasi (12 ta yig‘ilishi), Parlament hamkorligi qo‘mitasi (10 ta yig‘iilishi), Savdo va investitsiyalar bo‘yicha quyi qo‘mita (10 ta yig‘ilishi) hamda Adliya, ichki ishlar va boshqa masalalar bo‘yicha quyi qo‘mita (11 ta yig‘ilishi).

2011-yil 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Bryusselga tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozu va Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek O‘zbekistonda YeI diplomatik vakolatxonasini (Delegatsiyasini) tasis etish to‘g‘risidagi Kelishuv, O‘zbekiston Respublikasi va YeI o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnoma hamda 2011-2013 -yillarda Yevropa Ittifoqi Komissiyasi texnik ko‘magi Indikativ dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi Bayonnoma imzolandi.

Bryussel shahriga oliy darajadagi tashrif Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi bilan turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni teng huquqlilik va o‘zaro sheriklik asosida kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.

2011- yilning 31-may kuni Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hozirgi kunda YeIning O‘zbekistondagi elchisi sifatida Yuriy Shterk faoliyat yuritmoqda.

2012-yilning 28-noyabrida Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Ketrin Eshton O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida u Prezident I.A.Karimov tomonidan qabul qilindi.

2015-yilning 18 mayida Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Bryussel shahriga O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashining yig‘ilishida ishtirok etish uchun tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Toshkent shahrida kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar bo‘yicha Markaziy Osiyo uchun ilg‘or tajribalar Markazi Mintaqaviy sekretariatini ta’sis etish va faoliyatini yuritishd to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

O‘zbekiston YeI tashabbusi bilan ta`sis etilgan Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo mintaqalararo muloqotida faol istirok etib kelmoqda.

O'zbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi