302/23

O‘zbekiston-Vengriya hamkorligiga 30 yil to‘ldi

2022-yilning 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikdilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining maktubida so‘nggi yillar O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining barcha sohalarda va turli darajalarda jadal yuksalish davriga aylangani qayd etilgan.

Oʻzbekiston tomoni Vengriya bilan siyosiy, parlament, iqtisodiy va taʼlim sohalarida ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani maʼlum qilindi.

O‘z navbatida, Peter Siyarto O‘zbekiston Vengriyaning strategik sherigi ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi. 

“Biz umumiy madaniy-tarixiy meros hamda o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlik kabi qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashni maqsad qilganmiz”, – deyiladi Vengriya tashqi siyosat idorasi rahbarining maktubida.

Vazirlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Vengriya xalqlari manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham har tomonlama rivojlanib borishiga ishonch bildirdilar.