2703/23

FARZAND TARBIYASIDA OILANING O‘RNI

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Fuqarolik jamiyatida shaxs tarbiyasi va unda oila institutining o‘rni” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 



O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, o‘qituvchilar, talabalar hamda partiya faollari ishtirok etdi. 



Tadbirda Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati, uning joylardagi ijrosi ta’minlanishi, bu jarayonga partiyaning munosabati hamda jamiyatda oilalarning mustahkamligini kuchaytirish, ajrimlarning oldini olishda shaxsning tarbiyasi eng muhim mezon ekaniga alohida e’tibor qaratildi. 



– Ajrimlarni kamaytirish, ularning oldini olish uchun tarbiyani maktabdan, bog‘chadan boshlash kerak, – deydi Xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi Feruza Yusupova. – Bunda ta’lim maskanlarida diniy ilmlardan, hadislardan foydalanish yaxshi samara beradi. 



Partiya tashabbusi bilan “Sog‘lom oila, sog‘lom jamiyat, sog‘lom kelajak”, “Sog‘lom turmush tarzi yo‘lida birlashaylik”, “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur” kabi loyihalari doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. 



Davra suhbatida bu boradagi ishlarni hamkorlikda samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib olindi.