
TASHQI ISHLAR VAZIRILIGI RAHBARI HINDISTON DAVLAT VAZIRINI QABUL QILDI
2016-yilning 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi rahbari, Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar Davlat vaziri Mubashir Javed Akbarni qabul qildi, deb xabar beradi O'zbekiston Tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati.
Suhbat boshida O‘zbekiston tashqi ishlar Vaziri Hindiston rahbariyatiga mamlakatimiz Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan o‘zbek xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani hamda Hindiston delegatsiyasining Samarqand shahriga tashrifi doirasida Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Muloqot davomida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, muntazamlik kasb etgan oliy va yuqori darajadagi O‘zbekiston-Hindiston siyosiy muloqoti, ishbilarmon doiralar vakillari hamda madaniyat va san’at arboblarining uchrashuvlari, ilm-fan va ta’lim sohasidagi almashinuvlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda davlatlarimiz va xalqalarimiz o‘rtasidagi an’anviy aloqalarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan ko‘p qirrali hamkorlikni faol mustahkamlashga imkon beradi.
Uchrashuvda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.
Anvar Ilyosov olgan surat