2703/23

CHO‘MILISH HAVZALARIDA HOLAT QANDAY?

Yozning jazirama kunlarida barcha cho‘milish, hordiq chiqarish maqsadida basseyn yoki suv havzalari tomon oshiqadi. Biroq, ayrimlar ko‘p hollarda bir jihat, ya’ni cho‘milish xavfsizligi, madaniyati, tartib-qoidalariga rioya qilishni unutib qo‘yishmoqda. So‘nggi paytlarda belgilanmagan yoki taqiqlangan joyda cho‘milish oqibatida hayot uchun g‘oyat xavfli hodisalar ro‘y bermoqdaki, ular har birimizni ogohlikka da’vat etishi, shubhasiz.
 
Mamlakatimizda bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish va hordiq chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga doimiy ravishda alohida e’tibor qaratib kelinayotgani samarasida suv havzalari va akvaparklar soni yil sayin ortib bormoqda. Shifokorlarning ta’kidlashicha, suvda suzish, tez-tez suv havzalarida cho‘milib turish inson organizmini chiniqtirib, salomatlikni mustahkamlaydi.
 
Farg‘ona viloyatida ham yozgi mavsumida cho‘milish qoidalariga rioya etish, baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlardagi 44 suv havzasida nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
 
– Viloyatda muntazam suv namunalari olinib, tahlil qilib boriladigan 16 ta ochiq va yopiq basseyn mavjud, – deydi viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi shifokori I.Yo‘ldoshev. – Suv havzalaridan olingan namunalar muntazam bakteriologik va kimyoviy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bugungacha 35 tahlil o‘tkazildi va suv tarkibida kasallik qo‘zg‘atuvchi birorta ham mikroorganizm qayd etilmadi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, cho‘milish havzalarida sanitariya qoidalariga amal qilish zarur. Bu borada mutaxassislarimiz mahalla fuqarolar yig‘inlarida, ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlari olib bormoqda.
 
Cho‘milishga mo‘ljallanmagan ochiq suv havzalari hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Daryo va kanallarda suvning sovuqligi, oqimning tezligi, ba’zan uchrab turadigan maishiy chiqindilar, ota-onalar mas’uliyatsizligi, shuningdek, cho‘milishga kelganlarning o‘ziga haddan ziyod ishonishi kabi omillar cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarga sabab bo‘layotir. Ayrim hollarda aholi, ayniqsa, yosh bolalarning kanal, ariq va hatto favvorada cho‘milayotganini ko‘ramiz. Viloyatda cho‘milish mavsumi oldidan aholi orasida mahalla faollari ishtirokida ochiq suv havzalarida cho‘milish mumkin emasligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilgan. Havzalarda “Cho‘milish taqiqlanadi!” belgilari qo‘yilgan. Mavsum oldidan mahalliy hokimliklar va tegishli tashkilotlar hamkorligida dam olish maskanlari rahbar-xodimlari uchun “Suv havzalarida cho‘milish qoidasi – salomatlik garovi” shiori ostida seminarlar tashkil qilingan. Cho‘milish mavsumida baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida tayyorlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tarqatilib, mavzuga doir fotolavha va videofilmlar namoyish etilgan.
 
– Cho‘milish qoidalarini bilmaslik, suvda turish ko‘nikmasining yomonligi, ayniqsa, yoshlar orasida fojiali oqibatlarga olib keladi, – deydi Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi F.Otajonov. – Bolalarning suv havzasida cho‘milishi kattalar nazorati ostida, xavfsizlik qoidalariga to‘la amal qilgan holatda bo‘lishi lozim. Qutqaruv chambaraklaridan foydalanish, uncha chuqur bo‘lmagan joylardagina cho‘milishga ruxsat berish kerak. Shundagina turli baxtsiz hodisalar ro‘y bermaydi.
 
Ammo, shu bilan birga, ba’zi hududlarda noxush manzaralarni ham kuzatish mumkin. Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘idagi “Yettibuloq” dam olish maskani bugun dam oluvchilar bilan gavjum. Afsuski, bu yerdan oqib o‘tuvchi soyga shisha va turli plastik idishlar, maishiy chiqindilar tashlash holatlari uchramoqda. Bu cho‘miluvchilar xavfsizligi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etmoqda. Bu jarayonda dam olish madaniyatini unutib qo‘ymaslik shart.