2703/23

HAR BIR AYOL DAVLAT VA JAMIYAT HIMOYASIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yurtimiz xotin-qizlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning hayoti, mehnat faoliyatiga oid dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
 
Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Jamiyatimizda har bir ayol davlat himoyasidadir!” shiori ostida sayyor qabul tashkil etildi. Unga Toshkent shahar Bektemir, Yashnobod, Mirobod tumanlarining tutashgan joyida, ya’ni Qo‘yliq bozori atrofidagi norasmiy yollanma ish shoxobchalarida bir martalik ishda band bo‘luvchi xotin-qizlar taklif etildi.
 
Sayyor qabul tashkil etilishidan avval hafta davomida shoxobchadagi xotin-qizlarning har biri bilan alohida suhbat olib borilib, ularni qiynayotgan ishsizlik, uy-joy, oilaviy kelishmovchilik, ajrimlar kabi muammolar yetarlicha o‘rganildi.
 
Qabul davomida ayollarni tashvishga solayotgan aksariyat dolzarb masalalar ijobiy yechimini topdi. Muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari, ichki ishlar, soliq, bandlikka ko‘maklashish markazi, sog‘liqni saqlash bo‘limlarining vakillari ham keng jalb etildi.
 
Tadbir davomida yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Ishsiz yurgan, qo‘lida hunari yo‘q qizlarga ma’lum yo‘nalishda hunar o‘rgatish rejalashtirildi.
 
Bu kabi sayyor qabullar Toshkent shahrining Sergeli, Olmazor tumanlarida va Toshkent viloyatida ham reja asosida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.