2509/20

O‘ZBEKISTON VA FRANTSIYA YILQICHILIK SOHASIDA O‘ZARO HAMKORLIK QILADI

O‘tgan haftada O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakillari o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Frantsiyada bo‘ldilar. Safar davomida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Beshinchi respublikaning otchoparlar boshqaruvi hamda zotli, sport va xizmat otlarini yetishtirishda zamonaviy uslublardan foydalanish tajribasi bilan tanishdilar.

 

Ma’lumki, Frantsiya ot sportini rivojlantirish, poygalar tashkil etish, ot zotini yaxshilash va zotli otlar yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Juda ko‘p yillardan buyon bu mamlakat mutaxassislarining otchopar infratuzilmalarini qurish, chavandozlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, sport otlarining zotlarini yaxshilash bo‘yicha ilg‘or uslublari hamda bilimlariga talab katta.

 

Frantsiyaga safar chog‘ida o‘zbekistonlik mutaxassislar Yilqichilik tarmog‘i ustalari ittifoqi (UNIC), Ot sporti federatsiyasi (FFE), LeTrot chavandozlik bo‘yicha uyushmasi, Poyga va ot zotlari bo‘yicha qo‘mita (FRBC), Otchilik xizmati (FCS), PMU, Groupe Carrus/PMC, France Galop va Cheval Francais singari ot sporti marketingi va uni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar hamda PGM Télévision telekanali vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishdi.

 

Bundan tashqari, «Longsham» va «Vensen» deb nomlangan jahon andozasidagi mashhur otchoparlarga tanishuv safarlari ham tashkil qilindi. Bu yerda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakillari innovatsiya texnologiyalaridan qo‘llanilgan holda infratuzilmalarni rivojlantirish, ot sporti musobaqalarini tashkil etish tizimi, sifatli veterinar xizmati ko‘rsatish, jahon bozorida zotdor mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda yuqori malakali hakamlar, veterinar va taqachilar tayyorlash hamda bu yo‘nalishdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.

 

O‘z navbatida, Frantsiya uyushmalari va kompaniyalarining vakillari yilqichilik hamda ot poygalari o‘tkazish bo‘yicha mashhur o‘zbekona an’analar asosida mamlakatda yilqichilik tarmog‘ini va ot sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga yuqori baho berdilar. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar chavandozlarning yangi avlodini tarbiyalash hamda milliy ot sportining xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.