2806/22

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hay’ati”ning dastlabki onlayn ilmiy majlisi

2021 yil 17 martda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hay’ati”ning dastlabki ilmiy majlisi onlayn tarzda o‘tkazildi.

        O‘zbekiston qadimdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan. 

         “Xususan, X asrda samarqandlik mutafakkir, «Imom al-Xuda» (Hidoyat yo‘lining imomi) deb shuhrat qozongan Abu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya ta’limoti butun islom olamida keng tarqalgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan o‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini yuksaltirishga xizmat qilish bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davrining ilmiy poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-ma’rifat maskanlaridan biri bo‘lishi, shubhasiz.

   Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan jahonning yetuk olimlari va mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish,  Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini hamda moturidiylik ta’limotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida Markazning Xalqaro ilmiy hay’ati tuzildi. 

        Xalqaro ilmiy hay’ati tarkibi yigirmadan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi ta’sis majlisi a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi Usmonxon Alimov Xalqaro ilmiy hay’at raisi hisoblanadi.

          Xalqaro hay’at tarkibida xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar, Markaz ilmiy xodimlari va boshqalar ishtirok etdilar.

           Jumladan, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Rossiya islom universiteti rektori, Akademik Rafik Muxametshovich Muxametshin, Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori - Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy kabi nufuzli olimlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etib, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi.  

           Shuningdek, Xalqaro hay’at yig‘ilishida Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 30 dan ziyod soha vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari ishtirok etdilar.

          Yig‘ilish ishtirokchilari Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan istiqboldagi rejalar, islom olamida mo‘tadil ta’limotni keng targ‘ib qilish, shu jumladan, moturidiylik ta’limotini o‘rganilishi, Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, xususan, xorijiy grantlarni Markaz faoliyatiga jalb etish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomining muhokamasi, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish kabi muhim masalalar hamda  kelgusida Markaz tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqotlar rejasi muhokama qilindi.

           Xalqaro hay’at a’zolari tomonidan kelgusida o‘zaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga, hay’at yig‘ilishini doimiy tarzda o‘tkazib borishga kelishib olindi.

 

 Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

 markazi matbuot xizmati