2509/20

“AYNAN KITOBLAR JAHONGA AMIR TEMUR, IBN SINO, AL-BERUNIY KABI ALLOMALARNI TAQDIM ETGAN”

Kiyevda Ukraina Qishloq xo‘jaligi fanlari Milliy akademiyasi Prezidiumining milliy qishloq xo‘jaligi ilmiy kutubxonasi 100 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi xodimlari ham ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida Ukraina xalq deputatlari, vazirlik va idoralari, qishloq xo‘jaligi fanlari milliy akademiyasi vakillari, Ukraina jamoatchiligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar dasturining loyihasi bilan tanishib chiqdilar.

Tadbir qatnashchilari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan kitob mutolaasini ommalashtirish, bolalar va yoshlarni kitob o‘qishga jalb etish, kitob savdosi va noshirchilikni rivojlantirish, soha kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, mutolaa madaniyati holati monitoringini tashkil qilish borasida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi fanlari milliy akademiyasi akademigi, Qishloq xo‘jaligi fanlari tarixi institutining direktori, Qishloq xo‘jaligi milliy ilmiy kutubxonasi direktori V.Vergunov so‘zga chiqdi.

-O‘zbekistonda kutubxona ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan barcha ezgu ishlar ortida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev turgani bizni quvontiradi,- dedi u. - Aynan kitob jahonga Amir Temur, Ibn Sino, Al-Beruniy kabi allomalarni taqdim etganini O‘zbekiston rahbari teran tushunadi. O‘zbekiston Prezidentining kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha Komissiyani tashkil qilish bo‘yicha Farmoyish imzolagani ushbu sohani yangi bosqichga ko‘tardi.

Sohada olib borilayotgan sa’y-harakatlar, texnikaviy yordam ko‘rsatish masalalari, asbob-uskunalarni zamonaviylashtirish, jamg‘armalarni butlash hamda boshqa qator ishlar e’tiborga sazovordir.

Bundan tashqari, kitob noshirchiligi tizimi yaxshilanmoqda, kutubxonalarning yangi nashrlar bilan boyimoqda.

Ukrainada Shavkat Mirziyoyevni mashhur melioratsiya mutaxassisi sifatida ham bilishadi. Uning sohada oid amaliy va nazariy bilimlari nafaqat O‘zbekistonda, balki Ukraina olimlari uchun ham foydalidir.

O‘tkazilgan tadbir natijalari bo‘yicha O‘zbekiston diplomatiya missiyasi va Qishloq xo‘jaligi fanlari milliy akademiyasining milliy ilmiy kutubxonasi o‘rtasida nodir kitoblar sarasiga kiradigan bir necha kitoblarni qayta chop etishga tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tadbir intihosida Alisher Navoyining ukrain tilida nashr etilgan “Farhod va Shirin” asari kutubxonaga tantanali ravishda topshirildi.