BIOXILMAXILLIKNI TA'MINLASHNING MUHIM OMILI

Suv havzalari nafaqat insoniyatning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirish, balki o’simlik hamda hayvonot dunyosini asrashda ham alohida o’rin tutadi. Ayniqsa, suvli-bоtqoq yerlar qushlar, suv jonivorlari va o’simliklarining ko’payishi uchun juda qulay tabiiy muhit hisoblanadi. Shu bois bunday landshaftlarni muhofaza qilishga xalqaro miqyosda alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

1971-yil 2-fevralda Eronning Ramsar shahrida Xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan, asosan, suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan suvli-bоtqoq yerlar to’g’risidagi xalqaro konvensiyaning qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko’tardi. Mazkur hujjat suvli-bоtqoq yerlarni himoya qilish barobarida, ulardan oqilona foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hozirgi kunda unga 170 dan ortiq mamlakatlar, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi ham a'zo.

— Yurtimizda konvensiya talablarini to’laqonli bajarish maqsadida tegishli dastur hamda loyihalar asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi O’zbekiston ekologik harakati guruh rahbari Avaz Xudoyberdiyev. — Bu jarayonda ko’llardan foydalanish samaradorligini oshirish, suvli-bоtqoq ekotizimlarida kadastr hamda monitoring ishlarini kengaytirish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Buning samarasi o’laroq, respublikamizdagi “Dengizko’l” va “Aydar-Arnasoy” ko’llar tizimiga xalqaro miqyosda muhofaza etiladigan hudud maqomi berildi. Ayni paytda “To’dako’l” hamda “Quyimozor” suv omborlarini, “Sudochye”, “Achiqko’l” kabi ko’llarni Ramsar ro’yxatiga kiritish bo’yicha tegishli chora-tadbirlar ko’rilayapti.

Ma'lumotlarga ko’ra, bugungi kunda Ramsar ro’yxatiga 2200 ta suvli-bоtqoq hudud kiritilgan bo’lib, ularning umumiy maydoni 2,1 million kvadrat metrni tashkil qiladi. Mamlakatimizda esa bunday hududlar qariyb 1 million gektarni egallaydi. Shuningdek, 500 dan ortiq ko’llar mavjud bo’lib, ularda o’simlik hamda hayvonot olamining ko’plab turlari uchraydi.

Suvli-bоtqoq yerlar muqim va ko’chib yuruvchi qushlar uchun qulay manzil bo’lishi bilan birga, ularning tarixiy migratsiya yo’llarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda yurtimiz ornitofaunasida suvda suzuvchi hamda suv havzasida yashovchi qushlarning 150 turi uchraydi. O’zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qushlardan 37 turining hayoti suvli-bоtqoq hududlar bilan uzviy bog’liqdir.

Yurtimiz suv havzalari landshaft-geografik xususiyati shundayki, u o’z bag’riga noyob parrandalarni tobora ko’proq jalb etmoqda. Shuning uchun keyingi yillarda suv havzalarini qayta tiklash masalasiga e'tibor yanada kuchaytirildi. Bunda davlat tashkilotlari bilan birga, nodavlat tashkilotlar ham faol ishtirok etayotgani tufayli suv havzalarining hududi kengayib, to’qayzorlarning holati tubdan yaxshilanmoqda.

Respublikamizda suvli-bоtqoq maydonlarni asrash, bioxilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan yangi hududlarni tashkil qilishga qaratilgan amaliy sa'y-harakatlar ijobiy samaralar berib, ekologik barqarorlikni ta'minlashga mustahkam poydevor bo’lishi, shubhasiz.