BEG’ARAZ YORDAM, ULKAN SAXOVAT

Bugungi davr shiddati barcha jabha, jumladan, tibbiyot tizimida ham tub o’zgarishlar, yangiliklar qilishni talab etmoqda. Prezidentimizning biz, tibbiyot xodimlari bilan o’tkazgan ochiq muloqotlari faoliyatimizga tanqidiy qarashga, ishimizni zamon talablari asosida yo’lga qo’yib, aholini rozi qilish maqsadida fidoyilik ko’rsatishga undayapti.

Ma'lumki, mamlakatimizda so’nggi yillarda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, bir qator tibbiyot markazlari tashkil etilib, bosqichma-bosqich malakali kadrlar tayyorlanayotir. Respublika qon quyish markazi ham ana shunday muassasalardan biridir.

Qon va uning tarkibiy qismlari bemor hayotini saqlab qolishda muhim vosita hisoblanib, asosan, qon tizimi xastaliklari — og’ir darajali kamqonlik, leykoz (xalq tilida “oqqon” deb yuritiladi), qon ivish tizimi buzilgan kasalliklarda, ya'ni gemofiliya, koagulopatiyalar, saraton kasalliklari, patologiyali og’ir kechadigan tug’uruqlar, operatsiyalar, kuyishlar hamda turli favqulodda holatlarda kuzatiladi. Shunday paytda bemorga zudlik bilan qon yoki uning komponentlari va preparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombоtsitlar, albumin hamda immunoglobulinlar)ni quyish lozim. Bunda sog’lom insonlarni qon donorligiga jalb qilish zarurati yuzaga keladi.

Albatta, qon xavfsizligini ilg’or texnikalar, asbob-uskunalar yordami bilan to’liq ta'minlab bo’lmaydi. Buning uchun har bir qon topshiruvchi — donor zimmasida ulkan mas'uliyat turganini his qilishi lozim. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko’ra, xavfsiz qon faqatgina beg’araz donor, ya'ni 18 dan 60 yoshgacha bo’lgan sog’lom kishilardan olinadi. Qon donorligining asosiy tamoyili, birinchidan, bu ixtiyoriy erkin harakat hisoblanadi. Qolaversa, u beg’araz yoki pullik. O’z navbatida, davo maqsadida qo’llaniladigan qon va uning komponentlari donor sog’lig’iga ziyon yetkazmagan holda olinishi juda muhim.

Sog’lom kishi uchun qon topshirish xavfsizdir. Bir marotaba qon topshirish hajmi 250 — 450 ml.ni tashkil etadi hamda 20 ml. qon laborator tekshiruvlar uchun olinadi. Erkaklar bir yilda 5 marta, ayollar esa 4 martagacha qon topshirishlari mumkin. Chunki odam organizmida 4,5 — 5 litr qon bo’lib, undan olingan 400 ml. qonni organizm 36 soat ichida tiklab olish xususiyatiga ega.

Bir necha yildan buyon Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasida beg’araz donorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini bajarish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinayapti. Chunonchi, Respublika qon quyish markazi Oliy va o’rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O’zbekiston Qizil Yarimoy jamiyati hamkorligida poytaxtimizdagi oliy o’quv yurtlari talabalari orasida ushbu yo’nalishda aksiyalar o’tkazmoqda. E'tiborlisi, bugungi kunga qadar 26 ta oliy o’quv yurti mazkur tadbir ishtirokchisiga aylandi. Talabalar donorlik, uning ijtimoiy ahamiyati haqida ma'lumotga ega bo’ldi. Qariyb o’n kun davomidagi aksiyalarda 400 dan ortiq yigit-qizlar qon topshirdi. Binobarin, 2005 yil may oyida Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti assambleyasining 58-sessiyasida qon donorligini qo’llab-quvvatlashga oid qaror qabul qilinib, 14 iyunning “Butunjahon qon donori kuni” sifatida belgilangani ham ana shunday xayrli tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlardandir.

Hayot tasodiflarga to’la. Ba'zan ozgina ehtiyotsizlik inson hayotini fojiaga aylantirsa, gohida o’z vaqtida ko’rsatilgan yordam, e'tibor unga hayot bag’ishlaydi, umriga umr qo’shadi. Zero, kimgadir ko’mak ko’rsatish, kimningdir dardiga malham bo’lish va uning hayotini saqlab qolish esa chinakam insoniylikdir.